Mavze, daha, kvartal va zichlik — Archemistry Lab
Archemistry Lab Archemistry Urban · shaharsozlik savodxonligi

Mavze, daha, kvartal: qaysi masshtab va zichlik kimga tegishli?

ShNQ 2.07.01-23 ning 84-bandi: ko'p qavatli kompleks qurilishda mavzening hisobiy aholi zichligi 400 kishi/ga dan oshmasligi kerak. Bu chegara har bir uchastkaga emas, butun mavzega tegishli. Pastdagi ikki interaktiv chizma buni ko'rsatadi: avval normadagi birliklarning haqiqiy o'lchami, keyin zichlik uchastkalar orasida qanday taqsimlanishi va «kim birinchi qursa» holati qanday yuzaga kelishi.

1 · Masshtab

Birliklar bir-birining ichida joylashadi

Chizma real masshtabda: barcha to'rtburchaklar metrda chizilgan. Darajani tanlang, chizma o'sha birlikka yaqinlashadi. Taqqoslash uchun futbol maydoni (≈0,7 ga) va piyoda yurish radiuslari berilgan.

Masshtab chizig'i: 500 m

Asosiy chalkashlik. ShNQ 2.07.01-23 da tartib mana bunday: daha (kvartal) ≤10 ga → mavze 10–50 ga → turar joy tumani 50–250 ga (56-band). Kundalik nutqda esa so'zlar boshqacha ishlatiladi. Chilonzorning «9-kvartali» normativ ma'noda mavze, tarixiy «daha»lar esa butun shahar qismlari edi. 400 kishi/ga normasi mavzening to'liq maydoniga hisoblanadi.

2 · Zichlik simulyatori

24 gektarlik mavze: 400 kishi/ga qanday taqsimlanadi?

ShNQ 2.07.01-23, 84-band: «Ko'p qavatli kompleks qurilishda mavzelarning hisobiy aholi zichligi 400 kishi/ha dan oshmasligi lozim.»

Mavze ichida maktab, bog'chalar, park, ichki yo'llar va 8 ta turar joy uchastkasi bor. Norma butun 24 ga uchun: mavzeda jami qancha odam yashashi mumkinligini belgilaydi. Uch rejimni solishtiring.

turar joy maktab / bog'cha park yo'l
Uchastkani bosing

Mavze sig'imi ishlatilishi
0
Aholi
Brutto zichlikbutun 24 ga bo'yicha
Netto zichlik
Maktab yuklamasiloyiha sig'imiga nisbatan
Uy-joy fondi zichligijadval: ko'p qavatli 6000–6700, yuqori va baland 6700–7500 m²/ga

Hisob farazlari: qurilish koeffitsienti 0,30; kvartiralar maydoni qavatlar maydonining 75%; bir kishiga 30 m² (1-jadval, ekonom sinf). Ko'kalamzor: park 2,7 ga va hovlilardagi taxminan 4,7 ga, jami ~30% (86-band talabi). Maktab va bog'cha mavzening rejadagi aholisiga mo'ljallangan.

3 · Qoidalar aslida qanday ishlaydi

Uchta noto'g'ri tushuncha va ularning javobi

Noto'g'ri

«Uchastkam 1 ga, demak 400 kishi joylashtira olaman»

400 kishi/ga mavzening brutto ko'rsatkichi. Normaga ko'ra zichlik hisobiga turar joylar, maktab, bog'cha, kundalik xizmat, ko'kalamzor va avtoturargohlar maydoni qo'shiladi (zichlik jadvali, 3-izoh). Bu yerlarning ko'pida hech kim yashamaydi, shuning uchun turar joy uchastkasining o'zida zichlik (netto) 1,5–2 baravar yuqori bo'ladi. Simulyatordagi «Xato talqin» rejimi buni ko'rsatadi.

Noto'g'ri

«Mavze bo'yicha hali sig'im bor, hammasini men olaman»

Norma mavze bo'yicha umumiy chegara bo'lgani uchun, uchastkalar orasida taqsimlanmagan bo'lsa, birinchi quruvchi butun qoldiqni egallab oladi. Bu iqtisodda umumiy resurs tragediyasi deyiladi: maktab, kanalizatsiya va yo'l sig'imi hammaniki, lekin uni birinchi kelgan ishlatib qo'yadi.

To'g'ri tartib

Sig'im batafsil reja orqali uchastkalarga bo'linadi

400 kishi/ga mavze uchun yoziladi (84-band), uchastkaga emas. Uni uchastkalarga bo'lish shaharsozlik hujjatlari, ya'ni mavzening batafsil rejalashtirish loyihasi vazifasi: har uchastkaga qavatlilik, qurilish koeffitsienti va aholi soni beriladi. Shunda «kim birinchi» muammosi bo'lmaydi. Muammo batafsil reja yo'q yoki eskirgan joyda, ruxsatlar bittalab berilganda paydo bo'ladi.

Normalar o'zaro

400 kishi/ga va m²/ga bir-biriga to'g'ri kelmaydi

Jadvaldagi baland qavatli uchun eng katta qiymat 7500 m²/ga. 400 kishiga bo'lsak, 18,8 m²/kishi chiqadi, bu 61-banddagi 16 m² ijtimoiy normaga yaqin. 1-jadvaldagi ekonom sinf (30 m²/kishi) bilan esa 400 × 30 = 12 000 m²/ga bo'ladi. Ya'ni bugungi kvartira o'lchamlarida m²/ga chegarasi amalda 250 kishi/ga atrofida to'xtatadi. Bu mening arifmetik hisobim, rasmiy talqin emas.

Xalqaro tajriba

Germaniya, Nyu-York, Tokio

Germaniya: Bebauungsplan har bir uchastkaga GRZ/GFZ (qamrov va qavat maydoni koeffitsienti) yozadi. Nyu-York: ishlatilmagan qurilish huquqini qo'shni uchastkaga sotish mumkin (TDR, «air rights»). Tokio: har uchastka uchun maksimal FAR, ko'cha kengligiga bog'liq. Toshkent uchun xulosa: har mavze bo'yicha «qolgan sig'im» ochiq reyestri va infratuzilma to'lovi (impact fee).

Qurilish tipi (2-bob)QavatlarUy-joy fondi zichligi, m²/ga (jadval)1000 kishiga turar joy zonasi (62-band, shahar)
Kam qavatli1–32200–420010–15 ga
O'rta qavatli4–94200–60008 ga
Ko'p qavatli10–166000–67008 ga
Yuqori qavatli17–246700–75007 ga
Baland qavatli25+

Jadval izohi (3): zichlikni aniqlashda turar joylar, ta'lim muassasalari, kundalik xizmat obyektlari, ko'kalamzorlar va avtoturargohlar yer maydonlari qo'shib hisoblanadi; tuman va shahar ahamiyatidagi obyektlar hududi qo'shilmaydi. Jadval sarlavhasida «kam bo'lmagan», 2-izohda esa «yuqori bo'lmasligi kerak» deyilgan. Bu ikki ifodani normani ishlab chiquvchidan aniqlashtirish kerak.